21 iyul kuni vazir Abduqodir Toshqulov rahbarligida markaziy apparat mas’ullari, oliy va professional ta’lim muassasalari rahbarlari, professional ta’lim boshqarmalari boshliqlari ishtirokida 2022/2023-o‘quv yili uchun qabulni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish avvalida vazir yangi o‘quv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof o‘tkazish bo‘yicha 46 ta oliy ta’lim muassasasining tayyorgarlik holatiga e’tibor qaratib, o‘tgan o‘quv yilidagi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun har bir oliy ta’lim muassasasi rahbari mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ta’kidlagan.
Bunda ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlangani, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilgani, imtihon natijalarini o‘z vaqtida rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishiga alohida to‘xtalingan.
Shuningdek, yig‘ilishda magistraturaga qabulni tashkil etish masalalari ko‘rilgan. Ma’lum qilinishicha, kelib tushgan 4332 ta arizaning 1282 tasi talab darajasida emas, ayrim hollarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytib o‘tilgan.
Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay hamon aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilingan.
Shundan so‘ng ikkinchi oliy ta’limga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bog‘liq ma’lumotlarni rasmiy saytlarda e’lon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olingan.
Ikkinchi oliy ta’limga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni aniq va batafsil e’lon qilish borasida ko‘rsatma berilgan.
Vazir yig‘ilishda, shuningdek, OTMda energiyatejamkorligi, to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilash, murojaatlar bilan ishlash, koll-markazlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish kabi masalalarda OTM rektorlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish lozimligini aytgan.