Odam savdosi qurbonlari O‘zbekistonga qaytarildi

2021 yil oktyabrdan hozirga qadar odam savdosidan jabrlangan 35 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi, ularga AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida, «Istiqlol avlodi» notijorat tashkiloti tomonidan tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmati ko‘rsatildi. Bu haqda AQSH elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari majburiy mehnat va jinsiy ekspluatasiya maqsadida xorijiy davlatlar, jumladan, Rossiya va Qozog‘istonga olib chiqib ketilgan.

«Odam savdosi – insondan oldi-sotdi ob’yekti sifatida foydalanish va ekspluatasiya qilish ko‘rinishidagi global jinoyatdir. Jinsi, yoshi va nasl-nasabidan qat’i nazar har qanday shaxs hudud va chegara bilmas ushbu jinoyat qurboniga aylanishi mumkin. Odam savdosiga qarshi dunyo miqyosida kurash olib borish USAID hamda AQSH hukumatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi», – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori v.b. Luann Gronxovd.

Qayd etilishicha, 2005 yildan buyon AQSH hukumati USAID orqali O‘zbekistonda odam savdosi to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirish va undan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 9,6 million dollardan ziyod mablag‘ ajratdi.

Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash maqsadida, USAID Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda mahalliy sheriklar, jumladan, ushbu komissiya a’zosi bo‘lgan «Istiqlol avlodi» nodavlat-notijorat tashkiloti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Yaqinda esa USAID ko‘magida Jizzax shahrida migrantlarga mo‘ljallangan axborot-resurs markazi ishga tushirildi. Markazda odam savdosi qurbonlarini aniqlashga yordam berish bilan birga, mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolariga maslahat xizmati ko‘rsatiladi.

Odam savdosidan jabrlangan shaxslar aniqlangach, USAID ularni vataniga xavfsiz tarzda qaytarish va jamiyatga qayta integrasiyalashda ko‘maklashadi. Migrantlar, shu jumladan, odam savdosi qurbonlariga psixologik xizmat, huquqiy maslahat, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kasbiy ta’lim olish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, xavf guruhiga mansub shaxslarga ham yordam ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz:
USAID O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida ham mamlakat hukumati bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Dilbar Rajabova tayyorladi