JSST maymunchechak tarqalishini xalqaro favqulodda holat deb e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus maymunchechak epidemiyasini xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat deb e’lon qildi.

Bu haqda u tashkilot favqulodda qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Iyun oyining oxiridagi oldingi yig‘ilishdan keyin qarama-qarshi qaror qabul qilindi.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita a’zolari bu masala bo‘yicha konsensusga erisha olishmagan, biroq virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat belgilariga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, bir oy avval dunyoning 47 ta davlatida 3040 ta maymunchechak kasalligi aniqlangan bo‘lsa, bugungi kunda 75 ta davlatda 16 mingdan ortiq kasallik holatlari qayd etilgan, 5 kishi vafot etgan.

«Xulosa qilib aytganda, bizda juda kam bilingan va Xalqaro sog‘liqni saqlash qoidalari mezonlariga javob beradigan yangi yuqish yo‘llari orqali tez tarqaladigan epidemiya bor», — dedi u.

Tedros Adanom Gebreisusning ta’kidlashicha, maymunchechak Yevropada yuqori xavf tug‘diradi. Dunyoning qolgan qismida u o‘rtacha xavf tug‘diradi.

«Turli mamlakatlarda virusning yanada tarqalishi xavfi aniq, ammo virusning xalqaro aloqani buzish xavfini past deb baholaymiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Hozirgi vaqtda epidemiya «erkaklar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan erkaklar, ayniqsa ko‘p jinsiy sheriklari bo‘lgan erkaklar orasida to‘plangan», dedi u.

«Bu epidemiyani to‘g‘ri guruhlarda to‘g‘ri strategiyalar bilan to‘xtatish mumkinligini anglatadi», — dedi JSST rahbari va stigma va diskriminasiya har qanday virus kabi xavfli bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

JSST 2007 yildan beri (Xalqaro sog‘liqni saqlash qoidalarining yangi tahriri kuchga kirgan paytdan boshlab) olti marta xalqaro favqulodda vaziyat e’lon qildi — xususan, kovid, Ebola virusi va Zika virusi kasalligi avj olgan davrda.

Maymun chechagi virusli kasallikdir. Uning belgilari chechak bilan og‘rigan bemorlarga o‘xshaydi, ammo unchalik jiddiy bo‘laydi. Baland isitma, mushak og‘rig‘i, xarakterli toshma va qichishish uning asosiy alomatlaridan. Toshma yuzdan boshlanadi va asta-sekin tanaga tarqaladi, kichik dog‘lar suyuqliklik pufakchalarga aylanadi. Maymunchechak odatda 2−4 hafta ichida o‘z-o‘zidan yo‘qoladi, ammo immuniteti zaif odamlar, bolalar va homilador ayollarda u qiyinroq kechishi mumkin.

Shu kungacha O‘zbekistonda maymunchechak kasalligi qayd etilgani yo‘q.