“O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi
Farmon bilan aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.
Farmonga muvofiq, quyidagilar tasdiqlandi:
O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi hamda uning maqsadli ko‘rsatkichlari;
Mazkur strategiyani 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.
Moliya vazirligi tarkibida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi.
2022 yil 1 sentyabrdan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi.
Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.
2023 yil 1 martgacha davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati shakllantiriladi.
2023 yil 1 iyulgacha kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlari tasdiqlanadi.