28 iyul – Butunjahon gepatitga qarshi kurashish kuni edi. Shu munosabat bilan AOKAda mazkur yo‘nalishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova shunday dedi: «Skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning «С» turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash vazifa qilib belgilangan».
Shuningdek, joriy yilning 1 iyulidan boshlab har yili respublika aholisini skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimer zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «С» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10 500 nafargacha yetkaziladi.
Kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari orasida gepatit «В» infeksiyasining oldini olish maqsadida emlash ishlari boshlab yuborilgan.
2022-2023 yil davomida 120 mingga yaqin tibbiyot xodimlari virusli gepatit «В» infeksiyasiga qarshi to‘liq qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Dilbar Rajabova tayyorladi