Qashqadaryoda milliardlab kridet mablag‘lari maqsadsiz sarflangani aniqlandi

Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablag‘lari maqsadsiz ishlatilganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-54-son Qarori hamda “Har bir oila tadbirkor” dasturiga asosan kreditlarning ajratilishi ahvoli yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijasida mazkur yo‘nalishdagi kreditlar maqsadsiz ishlatilayotganligi, ta’minotchi korxonalar tomonidan ko‘zda tutilgan tovar va ashyolar fuqarolarga yetkazib berilmaganligi holatlari aniqlandi.

Jumladan, 3 ta tijorat banki (Xalq bank, Agrobank, Mikrokredit bank) mijozlariga 2022 yil 1 choragida ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan 15 ta ta’minotchiga 392 nafar mijoz bo‘yicha 11 mlrd. 548 mln. so‘m o‘tkazib berganligi, ammo, ushbu kredit yo‘nalishi bo‘yicha yetkazib berilgan tovarlar bo‘yicha ta’minotchilarning kirim hujjatlari mavjud emasligi, ya’ni ajratilgan kreditlar maqsadsiz yo‘naltirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Misol uchun, AT Mikrokreditbank Beshkent filiali tomonidan fuqaro M.E.ga ajratilgan 33 mln.so‘m kredit mablag‘iga 60 dona quyon, fuqaro Gʻ.B.ga baliqchilik uchun ajratilgan 33 mln.so‘mlik kredit mablag‘iga baliq chovoqlari yetkazib berilmay, kredit mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan.

Shuningdek, “S.T.G.” MCHJga 3 ta bank orqali 48 nafar fuqaroga ajratilgan 1 mlrd. 412 mln. so‘m kredit mablag‘lari asalari, parranda, motokultivator, chorva qo‘yi, tikuv mashinasi, kompyuter sotib olish uchun o‘tkazib berilgan bo‘lsa-da, ushbu tovarlar sotib olinmasdan kredit mablag‘lari boshqa maqsadlar uchun yo‘naltirilganligi aniqlandi.

Agentlik tomonidan tekshirishda to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan bo‘lib, Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 5 ta ta’minotchining rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167, 184, 189, 209, 228-moddalarining tegishli bandlarida nazarda tutilgan qonunbuzilishlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, qolgan 10 ta ta’minotchi va boshqalarga nisbatan tayyorlangan materiallar yuzasidan bugungi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.