Ma’lumki, Nigeriyada maymunchechakdan birinchi o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berilgandi. Endilikda Yevropada ham maymunchechakdan o‘lim holati kuzatildi.
Kasallik Ispaniyada 29 iyul kuni aniqlangan bo‘lib, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili marhum haqida ma’lumot berishdan bosh tortgan. Ispaniyada maymunchechakka chalinishning 4298 ta holati tasdiqlangan, 120 nafar bemor kasalxonaga yotqizilgan.
Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligi ham Afrika qit’asidan tashqarida maymunchechakdan birinchi o‘lim kuzatilganini xabar bergan:
« Marhum 41 yoshli erkak bo‘lib, uning immunitetini zaiflashtirgan limfoma bilan kasallangan. Bemor reanimasiya bo‘limiga olib kelinganidan keyin septik shokdan vafot etdi, yondosh kasallik uning ahvolini yanada og‘irlashtirgan» deyiladi xabarda.
Braziliya AQSH va Kanada bilan birga Amerika qit’asida maymunchechak kasalligi holati ko‘paygan davlatlar qatoriga kiradi. Mintaqada 5000 dan ortiq kasallanish holatlari qayd etilgan.
Maymunchechak — kam uchraydigan virusli kasallik hisoblanadi. Xastalik alomatlari orasida titroq, charchoq, yuqori isitma, bosh og‘rig‘i va yuzdan boshlanib, tananing qolgan qismiga tarqaladigan teri toshmasi, yara kiradi. Maymunchechakka qarshi maxsus davolash usuli, shuningdek, unga qarshi vaksina ham mavjud emas.
Maymunchechak, kasallangan hayvonlarning qoni, so‘lagi yoki kasal terisi, shilliq pardalari bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqishini aytilgan. Yana bir omil, bu kasal hayvonlarning go‘shtini iste’mol qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, maymunchechak odamdan odamga havo tomchilari orqali yoki jinsiy yo‘l bilan yuqishi mumkin.
Avvalroq maymunchechak va kovidga bir vaqtda chalinish holati aniqlangandi. AQSHda ham bolalarning maymunchechakka chalinishi kuzatilgandi.
Dilbar Rajabova tayyorladi