Samarqanddagi juma namoziga «Tolibon» muxlislari to‘plandimi?

Samarqand shahridagi «Namozgoh» masjidida 29 iyul kuni muftiy Nuriddin Xoliqnazarov odamlar bilan suhbat qurdi. Shundan so‘ng namozxonlar muftiyning duosini olish uchun yo‘l yoqasigacha to‘p-to‘p bo‘lib bordi.

Musulmonlar idorasining xabar qilishicha, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muftiyni ziyorat qilishga kelganlarni «Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillari (Tolibon) muxlislari», deb asl vaziyatdan odamlarni chalg‘itishga urinib, ijtimoiy tarmoqlarda turli izohlar qoldirishgan.

Ma’lumki, Toshkent shahrida 25–26 iyul kunlari «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan «Tolibon» delegasiyasi ham mazkur juma namozida qatnashgan.

E’lon qilingan ijtimoiy tarmoq materiallaridan yaqqol namoyon bo‘lmoqdaki, mo‘min-musulmonlar muftiy hazratlarini ziyorat qilish va u kishining duolarini olib qolishga intilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday izohlarni yozmaslik va ularni tarqatmaslikni iltimos qilamiz.

Aholi orasida asossiz ma’lumotlarni tarqatish Islom dini ta’limotlariga ko‘ra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekani mazkur bayonotda alohida ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz:
Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Andrey Serenko 30 iyul kuni Telegram kanalida Samarqanddagi «Tolibon» vakillari ishtirok etgan juma namozi to‘g‘risida post qoldirgan edi. U toliblarning Afg‘onistonning o‘zida ham bunday mamnuniyat bilan kutib olinmasligini yozgan.

Dilbar Rajabova tayyorladi