asl basharamiz ochilib qoladi
Hazrat Sulaymon alayhissalom katta bir davlatga va lashkarga ega bo‘lganlar. Adolat bilan ish yuritadigan bir payg‘ambar hamda davlat boshlig‘i edilar. Faqat insonlargina emas, hayvonlar ham uning hukmiga muntazir turardi.
Kunlarning birida bir qush qanotini darvesh sindirganidan shikoyat qilib, Sulaymon alayhissalom huzuriga boribdi. Hukmdor o‘sha darveshni toptirib, huzurga olib keltirgach:
– Bu qush sendan shikoyat qilyapti. Nega unga ozor berding? – deya so‘rabdi.
– Sultonim, bu qushni Alloh odam bolasining manfaat topishi uchun yaratgan. Men bu qushni ovlamoqchi bo‘ldim. So‘ng unga qochishi uchun ham fursat berdim, ammo u qochmadi. Men buni menga taslim bo‘lganiga yo‘yib, uning ustiga otildim. Keyin u qochmoqchi bo‘lgan edi, qanoti shikastlandi, – deb o‘zini oqlabdi darvesh.
So‘ng Sulaymon alayhissalom qushga yuzlanib:
– Bu odam ham haqli. Sen nega fursat berilganida qochmading? U senga qo‘qqisdan hujum qilmabdi. Agar istasang, qochib qutila olarding. Endi «qanotimni sindirdi», deb undan shikoyat qilyapsanmi?
Qush shunday javob beribdi:
– Hazratim, bu kishi agar ovchi bo‘lsaydi, uni ko‘rishim bilan darrov qochib qolardim. Men uni darvesh kiyimida ko‘rganim uchun undan emin bo‘ldim va qochmadim. Undan menga hech bir yomonlik yetmaydi, deb o‘yladim. Axir darveshdan qanday qilib bunday ishlarni kutish mumkin?..
Sulaymon alayhissalom qushning gaplari haqligini mulohaza qilib, darveshga jazo tayin qilib, «uning qo‘lini kesing», deya hukm beribdi. Ammo qush darveshga achinib:
– Hazratim, iltimos bunday hukm qilmang, – deb o‘tinibdi.
– Bo‘lmasa, nima istaysan? – so‘rabdi hukmdor.
– Agar uning qo‘lini kesdirsangiz, u omon qolgan yana bir qo‘li bilan yomonlik qilishda davom etaveradi.
– Unda nima qilishimni istaysan?
– Siz uning ustidagi darveshlik xirqasini yechib oling. Shunda boshqa qushlar xuddi men kabi uning suratiga aldanib qolmaydi. Shunga yarasha o‘z ehtiyotini qilishadi, – debdi…
Yaxshilab o‘ylab qarasak, darvesh qiyofasidagi shu kimsa bizga begona emas. Biz uni ko‘rganmiz, taniymiz. U atrofimizda kunda-kunora aylanib, bizning ishonchimizga kirib olib, dog‘da qoldirib ketish uchun payt poylab yuradi. U juda xatarli kimsa – do‘st niqobidagi dushmandir. Uning tashqi suratini ko‘rib ishonch bog‘laymiz, ichi esa hamisha bizni tuzoqqa tushirib ketadi. Qanchalik harakatda bo‘lib, o‘zimizni undan ehtiyot qilishni ko‘zlasak-da, uning zararidan omonda bo‘lishimiz juda qiyin.
Hatto bir o‘zimiz to‘rt devor orasida qolganimizda ham o‘sha zarardan emin bo‘la olmaymiz. Vo ajab! Yonimizda hech kim bo‘lmasa, kimdan zarar yetishi mumkin?!
Aslida o‘sha do‘st niqobi ostidagi ashaddiy dushman – bizning o‘zimiz! Ha, shunday. Tashqi suratimiz, shakl-shamoyilimiz, o‘zimizni tutishimiz juda avliyosifatu ichimiz shunga munosib emas. Ichimizda vahshiylik uya qurgan. Shaxsiy g‘arazimiz – manfaat bozori hamisha charx urib turibdi. Gap-so‘zimiz, yurish-turishimiz, o‘zimizni tutishimiz, boshqalarga zohiriy munosabatimiz xuddi risoladagidek taassurot qoldiradi. Lekin ichimiz kinu adovat, hirsu havo, kibr, ig‘vo, hasad, ichiqoralik, manmanlik, g‘ayurlik kabi illatlar bilan to‘lib-toshib yotibdi.
Shunday bo‘lishiga qaramay o‘zimizni atrofdagilarga juda sipo ko‘rsatib, hammaning ishonchini o‘zimizga jalb qilib, shu holatni ustimizga bir libos qilib yuramiz. Shundan sodda va oqqo‘ngil kishilar bizga ishonib, ixlos qo‘yishadi. Yaxshiyamki, bizning shu libosimiz ostida nima borligini odamlar bilmaydi. Agar bilib qolishsa, avholimiz nima kechardi – bu faqat Allohga ayon.
Yuqoridagi hikoyatda kelgan darveshning xirqasiga o‘xshab, bizning ham soxtakorlik libosimiz kuni kelib ustimizdan yechib olinsa, bizdan nima qoladi? Ahvolimiz nima kechadi?
Bugun hammaga aql o‘rgatamiz. Hammaga maslahat beramiz. Hech kimga gap bermay gapdonlik qilamiz. Birovni bir tiyinga olmaymiz, nazar-pisand qilmaymiz. Ammo ich-ichimizda, o‘z-o‘zimiz bilan yolg‘iz qolganda, vijdonimiz bilan yuzma-yuz bo‘lganda o‘zimiz kimmiz? O‘z ahvolimizdan qochib qayerga boramiz? Boshqalar-ku, mayli, bizni odam o‘rnida ko‘rib, bizga ishonishar, ammo o‘zimiz-chi? O‘zimiz o‘zimizga ishona olamizmi? Suyana olamizmi?
Har birimiz shu kabi savollar bilan o‘zimizni xolis va samimiy taftish qilishimiz zarur. Bu ish So‘fi Olloyor bobomiz ta’kidlaganlaridek, ajal tutmay yoqani tutishimiz uchun bir vosita bo‘ladi.
Kamoliddin SHAMS