«Birinchi muhabbatim»ni endi ayta olmaymizmi?
Madaniyat vazirligi xabar qiladi:
«2022 yil 1 avgustdan Bobomurod Hamdamov, Sherali Jo‘rayev, Abdurauf Olimov asarlaridan lisenziya shartnomasi tuzmasdan har qanday shaklda va usulda foydalanish taqiqlanadi».
Savol ko‘p tug‘ildi ishlamaydigan kallamda:
1. Avvalambor, B.Hamdamov va Sh.Jo‘rayevlarning o‘zi boshqalarning qo‘shiqlaridan obdon foydalanishgan. Bobomurod bobo aytgan qo‘shiqlarning 70 % i hind kinofilmlaridan bo‘lsa, 15% i o‘zidan oldin o‘tgan hofizlarning qo‘shig‘i. Bu ta’qiq uning o‘zi bastalagan qo‘shiqlariga tadbiq etiladimi yoki barcha qo‘shiqlarigami?
2. Sher akaning o‘zi ham boshqa san’atkorlarning, ustoz hofizlarning qo‘shiqlarini obdon kuylaganlar, ular bilan, masalan, Ahmad Zohir bilan hech qanaqa shartnoma tuzmasdan uning o‘nlab qo‘shiqlarini bugungacha ijro qilayaptilar. Bag‘i qanday bo‘ladi?
3. Bizning gadoytopmas Jalasoy degan bir kaftdekkina qishlog‘imizdagi bir hovuchgina odam yig‘iladigan to‘yda endi «Birinchi muhabbatim», «Kim ekan, bu kim ekan», «Gul bir yon chaman bir yon» degan qo‘shiqlar aytilmasinmi? Bu qo‘shiqlarni bizga kuylab beradigan Sunnatillo o‘zi bizdan necha pul oladi-yu, necha pulga bu uchta hofiz bilan shartnoma tuzadi?
4. Abdurauf Olimov o‘zi tirik bo‘0lganida bunaqa qoidagi o‘z ismi sharifini qo‘shtirmasdi, deb o‘ylayman, mayli, qo‘shilibdi, uning qo‘shiqlarini kuylash uchun kim bilan shartnoma qilish kerak endi?
5. Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarisiz na to‘y o‘tadi, na tadbir. Endi biror to‘y yo tadbirda biror hofizdan Sher akaning qo‘shig‘ini so‘rashsa, «Uzr, shartnomam yo‘q, aytib berolmayman», deydimi? To‘y egasini shartnoma qiziqtiradimi? Unga so‘ragan qo‘shig‘ini aytib berishlari uchun pul to‘lagan-ku?!
6. Sherali Jo‘rayev va Bobomurod Hamdamovlarning qo‘shiqlarini millionlab yoshlar kuylashi ularning ijodiy UMRINI uzaytirmaydimi? Bunaqa ta’qiqdan keyin aynan shu hofizlarning qo‘shiqlari hech qayerda kuylanmay, ularning unutilib ketishlariga sabab bo‘lmaydimi?
7. Bu qoida agar Sherali Jo‘rayev va Bobomurod Hamdamovga katta foyda keltiradigan bo‘lsa, aytaylik har biri ularning qo‘shig‘ini kuylovchi xonandadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad kela boshlasa, Komiljon Otaniyozov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Murodjon Ahmedov, Tavakkal Qodirov, Faxriddin Umarov, Nuriddin Hamroqulov, Dadaxon Hasanov, Orifxon Hotamov, Fattohxon Mamadaliyevlarning ham farzandlari shu talab bilan chiqsa, yosh avlod birortasining qo‘shig‘ini ayta olmay qoladi-ku? Aytmay qo‘ya qoladi-ku?! Bu kimga foyda?
8. Menimcha, bu ustozlarning qo‘shig‘ini buzg‘ib aytishga, o‘z nomidan e’lon qilishga ta’qiq qo‘yish kerak. Ammo ularning qo‘shiqlarini ularniki ekanini aytib, buzmasdan ijro qilishlariga indamaslik kerak.
Masalan, Ibrohim Tatlisasning qo‘shiqlarini butun Turkiya aytadi, erkagi ham, ayoli ham, yosh bolalari ham. Katta-katta konsertlarda, teleshoularda ana shu yoshlarga Ibrohim Tatlisasning o‘zi ham qo‘shilib kuylaganini ko‘rganmiz. Ammo Tatlisas birortasidan avval bir nima to‘lab, shartnoma tuzib qo‘yishini talab qilmagan. O‘zi ham boshqa san’atkorlarning yaxshi qo‘shiqlarini uyalmasdan, shartnoma tuzmasdan ijro etgan.
Madaniyat vaziri shu qarorni imzolagan bo‘lsa, demak, yaqin orada Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlarini aytish ham mushkul bo‘lib qoladi. Bilmaymamn, keyin to‘ylarda havaskor qo‘shiqchilar kimning qo‘shig‘ini ijro etishar ekan…
Xullas, madaniyat vazirligining bu qarori mening suyagimga o‘tirmadi. To‘g‘ri, vazirlik doim ham menga yoqadigan qarorlar chiqarish vakolatini olmagan. Ammo men san’atga befarq bo‘lmagan oddiy o‘zbek xalqining vakili sifatida o‘z e’tirozlarimni izhor qildim.
E’tirozlarimni tinglash, qabul qilish, qilmaslik «kattakon»larning ishi, ammo shaxsan men so‘ralgan joyda Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini bexijolat aytaveraman!
Hech qanaqa shartnoma tuzmasdan!
Men qo‘shig‘ini aytgan joyga Sher aka kelmaydi, bu aniq!
O‘g‘illari ham kelmaydi. Ular endi ijodni qo‘yib, «Karimberdi aka otamning qo‘shig‘ini aytib qo‘ymayaptimikan», deb deb to‘yma-to‘y meni poylab yurishmas. Menga o‘xshagan havaskor nechta-yu, bir kunda O‘zbekistonda nechta to‘y bo‘ladi? Buni Sherali Jo‘rayevning bolalari tugul butun boshli Madaniyat vazirligi ham nazorat qila olmaydi. Yo ularning boshqa ishi yo‘qmi endi?
Oxirida bitta gapni aytaman, agar Sherali Jo‘rayev va Bobomurod Hamdamovlar bu ishni «Bizdan keyin qo‘shiqlarimizni bolalarimizdan boshqa hech kim aytmasin, bolalarimiz uchun zamin yaratib ketaylik», deb qilishayotgan bo‘lsa, ayniqsa, Sherali Jo‘rayev bilib qo‘ysin:
Sherali Jo‘rayev yaratgan qo‘shiqlar endi Sherali Jo‘rayevning ham, uning bolalarining ham mulki emas!
Bu qo‘shiqlar – xalqning mulki!
Sherali Jo‘rayev yaratgan qo‘shiqlar – O‘Zbek xalqining durdona gavharlari!
Bu gavharlar birov olgani bilan kamaymaydigan, aksincha, ko‘payadigan gavharlardir!
Madaniyat vazirligi Sherali Jo‘rayev va Bobomurod Hamdamovlarga yaxshilik qildik, deb o‘ylayotgan bo‘lsalar, katta xato qilibdilar. Bu qaror ularning san’ati o‘lmas san’at bo‘lishiga, zamonlar osha yashashiga qo‘yilgan to‘siqdir!
Bu qaror pirovard natijada ana shu san’atkorlarning tezroq xalq yodidan unutilib ketishiga xizmat qiladi!