Qozog‘istonda o‘ldirish tahdidi bilan majburan ushlab turilgan 10 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi

“Dunyo” AAning xabariga ko‘ra, uch nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat ekspluatasiyasi maqsadida majburan ushlab turilgan 10 nafar vatandoshlarni qutqarishda yordam so‘rab Olmaotadagi O‘zbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilgan.

Murojaatchilarning aytishicha, bir guruh mahalliy aholi ularni o‘ldirish bilan tahdid qilib, ularni xususiy uyda ushlab, shaxsiy buyumlari va mobil telefonlarini olib qo‘ygan.

Bosh konsullik xodimlari Olmaotadagi huquq-tartibot idoralari vakillari bilan birgalikda ushbu fuqarolar joylashgan hududga borib holatni o‘rgangan, shundan so‘ng, ularni Bo‘stonliq tuman polisiya bo‘limiga olib ketgan.

Gumonlanuvchilarga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 389-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekistonliklar esa «Rodnik» jamoatchilik jamg‘armasi bilan hamkorlikda uch mahal ovqatlantirish sharoitiga ega xostelga joylashtirilgan. Tergov tadbirlarini amalga oshirilib, o‘zbekistonliklarning pasport va shaxsiy buyumlari qaytarilgach, ular 1 avgust kuni avtovokzalga Olmaota—Toshkent yo‘nalishidagi reysga kuzatib qo‘yilgan.
Fuqarolar O‘zbekistonga eson-omon yetib kelgan.