Prezident qaroriga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʻla beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn besh baravarigacha oshiriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli
va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish.
Doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʻrtogʻining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi.
Donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning qiymati respublika boʻyicha bir xil – mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Immun donorlarga oʻtkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.
Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, har oyning ikkinchi haftasi “Qon donorligi haftaligi” deb eʼlon qilindi.