Saudiyalik taniqli diplomat va biznesmen Muhammad al-Qahtoniy Misrdagi nutqi chog‘ida vafot etdi. Bu haqda «Pledge Times» xabar berdi.
Hodisa Qohirada xalqaro, mintaqaviy arab idoralari va tashkilotlari vakillari, shuningdek, qator elchilar va arab arboblari ishtirokida bo‘lib o‘tgan arab-afrika konferensiyasida yuz bergan. «Al-Salam» xolding kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Muhammad al-Qahtoniy nutqi chog‘ida hushini yo‘qotib, yerga yiqilgan.
U kasalxonaga olib borilgan, biroq foydasi bo‘lmagan. Diplomatning yonida rafiqasi ham bo‘lgan. Hozirda o‘lim sababi ma’lum emas. Ta’kidlanishicha, al-Qahtoniy o‘z nutqida Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari prezidentlari va qirollari haqida gapirgan.
Konferensiya hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurash tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan. Diplomat vafoti munosabati bilan tadbir bekor qilingan.