Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan yerlarni noqonuniy sotishga qaratilgan bir necha urinishlarga chek qo‘yildi.
Jumladan, Pop tumani hokimining sobiq o‘rinbosari ham 6500 dollar pora bilan qo‘lga olingan.
Toshkent shahrida yashovchi, 1985 y.t. shaxs Parkent tumanida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu tuman hududida joylashgan 3 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, uni turar joy uchun mo‘ljallangan yer maydoniga o‘zgartirib berish evaziga 280 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarish kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar so‘ralgan puldan 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1978 y.t., muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs aldov yo‘li bilan fuqarodan 13 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u Andijon shahridagi umumta’lim maktablaridan biriga tegishli bo‘lgan 20 sotix yer maydonini go‘yoki auksion savdolarida sotib olganligini ta’kidlab, mazkur yer maydonini ushbu fuqaroga 48 ming dollar evaziga sotishga uringan va undan muqaddam 11 ming dollar ham olgan.
Bu yo‘nalishda DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirda oldindan jinoiy til biriktirgan 3 nafar fuqaro ushlandi.
Dastlab, Namangan viloyati Pop tumanidagi 20 gektar yer maydonida «Yangi O‘zbekiston» massivini barpo etish doirasida rejalashtirilgan 105 ta ko‘p qavatli uylardan 8 tasini qurish ruxsatini olib berish evaziga 80 ming AQSH dollari talab qilgan va ushbu pul mablag‘idan 40 ming dollarini oldindan berishini so‘ragan, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlanib, hozirda ahloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan, 1984 y.t. shaxs 2300 dollarini o‘zining xizmat haqi va xarajatlari uchun olgan vaqtida ushlandi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida u oldindan so‘ralgan 40 ming AQSH dollarini muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan harakatlari uchun hozirda ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1980 y.t. tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, 37,7 ming dollarini olgan vaqtida ushbu shaxs ham qo‘lga olindi.