JSST: Dunyoda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari so‘nggi to‘rt haftada 35 foizga oshdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, Yer yuzida so‘nggi to‘rt hafta davomida koronavirusdan vafot etganlar soni 35 foizga oshgan. Xususan, o‘tgan haftaning o‘zida 15 ming kishi mazkur kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

“SOVID-19ning oldini olish va insonlar hayotini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlar mavjud sharoitda bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan ko‘rsatkichdir, — deydi JSST rahbari T. Gebreyesus. — Hammamiz pandemiyadan charchadik. Ammo virus bizdan charchamadi”.

Tahlillarga ko‘ra, hozir dunyoda “omikron”ning BA.5 subvarianti dominantga aylangan. U so‘nggi bir oy ichida mavjud koronavirus versiyalarining qariyb 90 foizini tashkil etyapti.

“Ko‘pchilik bu virus bilan yashashni o‘rganish vaqti keldi, deb aytadi. Biroq biz haftasiga 15 ming kishini yo‘qotishga tomoshabin bo‘lib tura olmaymiz. Infeksiya tufayli shifoxonada davolanish va o‘lim holatlari ko‘payib borayotgan ekan, vaksinalar imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishimiz kerak”, — deb qo‘shimcha qildi T. Gebreyesus.