Bogʻcha vazirligi va oqlanmayotgan ishonch yoxud Agreppina Shinni jurnalist savolidan qochishga nima majbur qildi?

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoq tom maʼnoda bir “muammo” bilan band boʻldi, desak adashmaymiz. Bu nima muammo deb hayron boʻlmaysiz degan umiddamiz, sababi undan siz ham xabardor ekaningizga shubhamiz yoʻq.

Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin atrofida yuz berayotgan gap-soʻzlar, vazirning jurnalist savoliga javob bermay ochiqchasiga qochib ketgani va mana shu hodisalar ortidan 63 yoshga chiqqan vazirning tizimdan butunlay ketishi soʻralgan chiqishlar avj oldi. Hatto bu ommaviy heshtekka aylandi desa ham boʻladi.

Xoʻsh, nega vaziyat shu darajagacha yetdi, eng katta “bogʻcha opa”ning ketishi kimga kerak boʻlib qoldi? Javob bitta, hammaga kerak! Bolasining kelajagini oʻylaydigan va yurt ertasiga befarq boʻlmagan hamma “qariya opa”ning ketishini talab qilmoqda. Besh yildirki bogʻcha vaziri boʻlib ishlab kelayotgan Agripina Shin nima ish qila oldi ushbu yangi vazirlikda? Aytarli hech narsa!

Matbuotga yopiq, murojaatchilar oldiga kirishi uchun oylab, baʼzida yillab kutadigan vazir nima ish qila olardi. Vazirlik shunday shakllangan, murojaatchilarni bugun, erta deb aldab kelishadi. Biroq masala yechimi uzoq, baʼzida juda uzoq kutilib qoladi. Shin xonim suhbatlaridan birida “Senga islohotga bosh boʻlganingni oʻzi qanot boʻladi. Maktabgacha taʼlim isloh qilinishi va bolalarimiz mutlaqo yangi taʼlim muhiti, mutlaqo yangi sharoitlarga ega boʻlishi tufayli, bunday komandada ishlashdan har bir inson baxt hissini tuysa kerak. Bu tarixiy davr. Bu Oʻzbekistonning eng yangi tarixi. Agar ish tajribasi kerak boʻlsa, nega odam oʻzini bu islohotchilar jamoasidan chetda tutishi kerak?”, deya taʼkidlagan edi. Ushbu soʻzlar 2019-yil 2-yanvar kuni Agrippina Shin tomonidan aytilgan. Bu vaqtda kollej direktorligidan bir hatlab vazir boʻlib olganlariga endigina 2-yil boʻlgandi.

Xoʻp, bundan keyin ham mana 3-yil oʻtdi, biroq nima jonbozlik koʻrsatdilar vazir opa? Nima qilib yangi vazirlikni yangi ish tajribasini koʻrsata oldi? Hech narsa! Qaytanga tizim oʻziga oʻxshagan ming yillik vazirliklar kabi korrupsiya maydonida yetakchilikni egallab oldi. 2021-yilning uch oyida koʻrsatilgan statistikaga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligidan keyingi oʻrinni egallagan. “Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida oʻtkazilgan 289 ta nazorat tadbirlarining 242 tasida 41,2 mlrd.soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020-yil 1-chorakga (5,4 mlrd.soʻm) nisbatan qonunbuzilish holatlari 7,6-martaga oshgan”, deyiladi Moliya vazirligi hisobotida. Shunga qaramay 2022-yil byudjetdan pul ajratilishi boʻyicha ushbu vazirligimiz 2-oʻrinda turibdi.

Qonun loyihasida 6,5 trln. dollar mablagʻ ajratilishi koʻsatib oʻtilgan. Bu pullar kimning choʻntagiga kirishi yoki vazirlik ushbu mablagʻlarga nima ishlarni amalga oshirishi bizga qorongʻu…

Agrippina Shin 2017-yilda Oʻzbekiston Maktabgacha taʼlim vazirligiga rahbar etib tayinlangandi. Ungacha Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktorii boʻlib faoliyat yuritgan. Maktabgacha taʼlim vazirligi esa, 2017-yil Oʻzbekiston Prezidentining 30 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan edi.

Vazirlik zimmasiga maktabgacha taʼlim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarmoqlarini kengaytirish, ularni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olishni kengaytirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek bolalarni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari yuklatilgandi.

Prezident kelgusi 3-4-yilda 5-6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha taʼlimga toʻliq qamrab olishga erish lozimligini taʼkidlagan edi. Mustaqil bloger, jurnalist Fatima Joʻrayeva necha yillarki ushbu vazirlik bilan “olishib” keladi. Har hafta vazirlik tizimidagi muammolarni omaga koʻrsatadi, biroq mutasaddilar koʻz yumadi. MTT tashkilotida bolalar zaharlanishi, oʻlim holatlari qayd etilishi, bola kaltaklanishi va shu kabi holatlar hamonki toʻxtagan emas. Tizimda ishga kirish uchun albatta kimgadir “qistirish” kerak. Oziq-ovqat mahsulotlari eskirgan yoki talon-taroj qilinish holatlari doimiy uchrab turadi. Bir jurnalist Toshkent viloyatidagi uchrashuvlardan birida maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariga “mana, oziq-ovqatni sifatini oʻzingiz koʻrib turibsiz. Shunday bogʻchaga oʻz bolangiz yoki nabirangizni bergan boʻlarmidingiz” degan savoliga maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari “albatta yoʻq”, deb javob bergani haqida yozgan edi.

Bu kabi holatlarni nazoratga olishi kerak boʻlgan vazir esa allaqachon pensiya yoshida. Soha yangi qonga muhtoj. Shiddatli, oʻz rejalariga ega rahbar kerak. Byudjetdan tushgan pulni “eb” hamma narsadan bexabar, bamaylixotir yuradigan qariya emas.

Yoki Agrippina Shinni qandaydir bir “tanka”si bordirki, birov uni tizimdan chiqarib tashlay olmaydi. Bunisi endi bizga qorongʻu…