Chevrolet Tracker-2023 sotuvi boshlanishiga 7 kun qoldi. Lekin hamon narxlar oshkor etilmayapti, nega?

uzautomotors.com saytida xabar berilishicha Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan Chevrolet Tracker-2023 avtomobilining sotuvi boshlanishiga 7 kun qoldi. Ha, bor-yoʻgʻi 7 kun. Lekin negadir uning narxlari hamon oshkor etilmayapti.

Maʼlumki, shu yil 18-iyul kuni Chevrolet Tracker-2023 modelini Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boshlanishi rasman eʼlon qilindi. Xalqimiz avtosanoatimizdan arzon, zamonaviy va tejamkor avtomobil kutayotgani hech kimga sir emas, albatta.

Axir, qachongacha xorijda ishlab chiqarilgan eng ilgʻor texnologiyalar, avtomobilsozlik sanoatidagi soʻnggi yutuqlar qoʻllanilgan “toychoq”larga havasimiz kelib yuradi?! Qolaversa “inomarka” ular ishlab chiqariladigan mamlakatlarning oʻzida ancha arzon. Bizgacha esa transportirovka, bojxona xarajatlari, aksiz soligʻi, olib keluvchining foydasi va boshqalar ustiga “minib-minib” avtomobillar a-ancha (baʼzi hollarda qariyb ikki barobar) qimmat boʻlib keladi.

Toʻgʻri, Chevrolet Tracker-2023 avtomobili super zamonaviy emas. Lekin, hozirgacha Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning eng oldi deb bemalol aytsak boʻladi.

Shu vaqtga qadar Tracker Xitoydan olib kelib sotilar edi. Oxirgi marta Chevrolet Tracker Turbo 1.0 LT A/T 325T (premyer) avtomobilining narxi 255 200 000 soʻm boʻlgan. Eng qimmati Chevrolet Tracker Redline A/T 328T (redlayn) esa 264 million soʻm boʻlgan.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, Xitoyda Tracker’ning eng qimmati 19 ming dollar atrofida ekan. Uning ustiga olib kelish xarajatlari va olib keluvchining foydasi qoʻyilganda yuqoridagi narxlar kelib chiqqan boʻlishi mumkin.

Xoʻsh, Xitoydan keltirilib sotilgan narxlardan kelib chiqsak, yaqin kunlarda milliy mahsulot boʻlib chiqishi kutilayotgan Chevrolet Tracker-2023 krossoveri narxi qancha boʻladi? Bu savolning javobi koʻpchilikni qiziqtiradi, albatta.

Oʻzavtomotors vakillarining taʼkidlashlaricha, oʻzimizda chiqariladigan avtomobil Xitoynikiga qaraganda qoʻshimcha opsiyalarga ega. Xususan uning dvigateli 1,0 emas, 1,2 hajmli boʻladi.
Bu – bizda ishlab chiqariladigan avtomobilning narxi Xitoynikidan qimmat boʻlishiga shaʼmadek. Allaqachon ayrim taxminlar ham ilgari surilmoqda.

Misol uchun, avtomobillar, ularning narxlari haqida maʼlumotlar berib boradigan autostrada.uz sayti 10-avgust kuni eʼlon qilgan materialda Chevrolet Tracker – 2023 avtomobili premier pozitsiyasining narxi 300 million soʻmdan ortiq boʻlishi, ayrim manbaalarga koʻra, uning narxi 320 million soʻm boʻlishi mumkinligi aytildi.

“Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar” deganlaridek, avvalroqdan odamlarning “etini oʻldirish” uchun bu kabi taxminlar Oʻzavtomotors tomonidan atayin sizdirilayotgan boʻlishi ham mumkin. Bunisi endi bizga qorongʻi.

Oddiygina “xomchoʻt” qilib koʻraylik: “mish-mish”larga ishongan holda 320 mln. soʻmni olsak, bu narx Xitoyda 19 ming dollar sotilayotgan avtomobil bilan solishtirganda qanchalik maqbul deya olasiz? Ayrim mutaxassislarning taʼkidlashicha, ayrim opsiyalar qoʻshilishi bilangina narxning taxminan 10 ming dollarga oshishi – bu umuman mumkin boʻlmagan holat. Aslida nari borsa, Xitoyda 19 ming dollar sotilayotgan avtomobil oʻsha qoʻshimcha opsiyalarini hisobga olgan holda olib kelib sotilgan narxdan oshib ketmasa adolatga yaqin boʻladi.

Tabiyki, ishlab chiqaruvchi oʻz mahsulotini imkon qadar qimmat sotishni, koʻproq foyda olishni istaydi. Haqiqiy bozor iqtisodiyoti, raqobat sharoiti boʻlganda buni raqobat, bozorning oʻzi tartibga solib qoʻyardi. Lekin monopoliya sharoitida ishlab chiqaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi, yetkazib beruvchi xalqning xohish-istagi, daromad va buromadini albatta hisobga olishi kerak emasmi boshqa tanlovi yoʻq odamlarga mahsulotini taklif etayotganda?

Oʻzavtomotors ishlab chiqarayotgan mashinalarning narxi, sifati boʻyicha eʼtirozlar haddan ziyod koʻp. Biz hozir bu haqda toʻxtalmoqchi emasmiz.

Lekin ayrim jihatlari ham bor. Chevrolet Tracker – 2023 avtomobilining sotuvi mamlakatimiz mustaqilligining 31-yilligi arafasida boshlanadi. Har holda Oʻzavtosanoat qimmat-qahat narxni sovgʻa qilmasa kerak xalqimizga, degan yilt-yilt etuvchi umid ham yoʻq emas odamlarning qalb tubida.

Ikkinchidan, monopoliya toʻgʻrisidagi qonunchilikka binoan monopol tashkilotlar mahsulotlari, xizmatlari narxlarini shakllantirishning oʻz tartib-taomili bor. Oʻzavtosanoat Tracker – 2023 narxini Hukumat bilan albatta kelishadi.

Prezidentimizning Inson qadri siyosatini amalga oshirayotgan Hukumatimiz avtomobil narxlarining sunʼiy oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaydi, deb ishonamiz