51,2% abituriyentlar 56,7 ball ham toʻplay olmagan

DTMning mandat.dtm.uz saytidagi ochiq maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 1 mln 73 ming 821 nafar abituriyent testga kirgan.

Ming afsuslar boʻlsinkim, ularning 550 ming nafari (51,2%) oʻtish balining eng quyi chegarasi boʻlgan 56,7 balni ham toʻplay olmagan. Bu yarmidan koʻpi degani! Bu dahshat! Dahshat, oʻrtoqlar!

Oʻtgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvolimiz yanada ogʻirlashgan. Oʻtgan yili 36% abituriyentlar 56,7 ball ham toʻplay olmagandi, joriy yilda bu koʻrsatkich 51,2% ga chiqdi. Albatta, bunda majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar miqdori kamaytirilib, mutaxassislik faniga katta urgʻu berilgani ham sabab boʻldi.

2022-yilda eng yomon koʻrsatkich, xuddi oʻtgan yilda boʻlganidek Toshkent viloyatida (55,9%), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi oʻtgan yildagidek Toshkent shahrida (45,2%) qayd etilgan (yuqoridagi jadvalga qarang).

Demak, Toshkent viloyatida xalq taʼlimi darajasi butun Respublika boʻyicha eng yomon.

9 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan koʻprogʻi 56,7 balldan past ball olishgan. Faqat 5 tagina hududda bu koʻrsatkich 50 foizdan kamroqni tashkil qilgan. Bu qaysi hududlar, deb oʻylaysiz? Albatta, bu hududlar taʼlim darajasi birmuncha yaxshi boʻlgan — Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona, Xorazm va Samarqand viloyatlaridir. Lekin umumiy olganda bu yerlarda ham ahvol xursand boʻladigan holatda emas.

56,7 ball — bu toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. YAʼni abituriyent hech boʻlmasa 30% bilimga ega boʻlsa, ushbu koʻrsatkichni toʻplay oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak toʻgʻri boʻlar balki.

YAʼni 2 bahoga oʻqiganlar ham taxminan 35-55% natija koʻrsata olishi kerak (66 balldan yuqori).

Tasavvur qilyapsizmi, yaqin oʻrtada maktablarimizni tugatgan abituriyentlarning 51,2% foizi, aniqrogʻi 550 ming yoshlar (balki orasida kam sonli yoshi kattalar ham bordir) test topshirilgan fanlarni 2 bahoga ham bilishmaydi