Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasidagi toʻqnashuvda ikki kishi halok boʻlgan

Afgʻoniston va Oʻzbekiston Respublikasi maxsus xizmatlarining vakolatli vakillari oʻrtasida Davlat chegarasida vujudga kelgan vaziyat boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

2022-yil 21-avgustda Afgʻoniston fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish bilan bogʻliq Paygʻambar oroli (Surxondaryo viloyati) hududida yuz bergan hodisa muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilgani qayd etildi. Hozirgi paytda hodisa yuzasidan puxta tekshiruvlar oʻtkazmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi ikki nafar halok boʻlganlarning oilalariga taʼziya bildiradi, olti nafar yaralanganlarga barcha zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, ushlangan shaxslarni oʻz vataniga qaytarishga tayyorlash jarayonlari yakunlanmoqda.