IIB xodimlari shifoxonaga olib ketayotgan fuqaro toʻsatdan vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Quvasoy shahar Lashkar qishlogʻida IIB uchastka inspektori bir fuqaroni urib jarohat yetkazganligi haqida xabar tarqalgan.

Fargʻona viloyat prokuraturasi holat yuzasidan bayonot berdi.

Aniqlanishicha, 27-avgust kuni Quvasoy shahar Yuqori Moʻyan MFY hududida 1962-yilda tugʻilgan fuqaro X.T. jamoat tartibini buzuvchi harakatlar sodir etganligi uchun Quvasoy shahar IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish maqsadida shahar tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotgan vaqtda uni sogʻligʻi yomonlashib, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotiga koʻra, X.T.ning oʻlimiga «Yurakning ishemik kasalligi, yurak toj qon tomirlarini oʻtkir yetishmovchiligi, oʻng tomonlama pnevmoniya, surunkali plevrit, oshqozon osti beziga qon quyilishi, alkogoldan zaharlanish» tashxisi qoʻyilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Tekshiruv jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.