Qoraqalpogʻiston voqealari: ayrimlarning jazosi yengillashishi mumkin

Qoraqalpogʻistonda iyul oyi boshida sodir boʻlgan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazish boʻyicha komissiya aʼzolari Joʻqorgʻi Kenges bilan birgalikda Bosh prokuraturadan baʼzi fuqarolarning qamoq ehtiyot chorasini yengilrogʻiga almashtirishni soʻradi.

Qoraqalpogʻistonda boʻlib oʻtgan voqealarni mustaqil ravishda oʻrganayotgan Komissiya tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon boʻlgan fuqarolar roʻyxati shakllantirilgan.

Yakkama-yakka shaklda oʻtkazilgan suhbat davomida ular vaziyatni yaxshi anglamagan holda yolgʻon axborotlar taʼsiriga tushib qolishganini va sodir etgan qilmishiga chin koʻngildan pushaymon ekanliklarini bildirishdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Komissiya va Joʻqorgʻi Kenges tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon boʻlgan, qaramogʻida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati ogʻir hamda oilada yolgʻiz boquvchi boʻlgan fuqarolarga insonparvarlik tamoyili asosida qamoq ehtiyot chorasini jamoatchilik nazorati va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishini soʻrab Bosh prokuraturaga taklif kiritildi.