Olimlar jismoniy tarbiyadan qisqa tanaffus qilishning xavfini aniqladi

Buyuk Britaniyalik tadqiqotchilar guruhi salomatlik uchun jismoniy mashqlar bajarishdan bir muddat voz kechsa inson organizmida nima roʻy berishini aniqladi, deb yozmoqda EurekAlert! Ilmiy yangiliklar portali.

Muntazam jismoniy tarbiya bilan shugʻullanib kelayotgan kishi 14 kun mashq bajarmay qoʻysa, tanasida qator metabolik oʻzgarishlar roʻy beradi.

Bu oʻzgarishlar esa, xronik kasalliklar rivojlanishiga yoʻl ochadi.

Gap, xususan, yurak-qon tomir kasalliklari va ikkinchi turdagi qandli diabet haqida ketmoqda.

Tadqiqot davomida mutaxassislar sogʻlom, jismoniy faol hayot tarziga ega va oʻrtacha yoshi 25 boʻlgan 28 nafar odamni kuzatdi. Ularning barchasiga jismoniy faolligini oʻlchovchi bilaguzuk taqib qoʻyildi.

Tekshiruv yakunida olimlar jismoniy faollikdagi uzilish, hattoki, qisqa muddatli boʻlsa ham salomatlikda negativ aks etadi, degan xulosaga keldi.