Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining serveridagi profilaktika ishlari sabab 5 sentyabrga qadar qator onlayn xizmatlar ko‘rsatilmaydi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l xarakati xavfsizligi xizmatining server qurilmalarida texnik-profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Shu sababli 31 avgustdan 5 sentyabrga qadar «My.gov.uz»dagi «Avtotransport vositalari oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma olish», «Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish uchun ariza yuborish», «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga lisenziya» hamda avtomobil boshqarishga elektron ishonchnoma berish kabi tizim bilan bog‘liq xizmatlar vaqtincha ishlamaydi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raydi.