Afg‘onistonning Hirot shahridagi masjidda sodir etilgan terrorchilik harakatiga Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirdi.
«Afg‘onistonning Hirot shahridagi «Guzargoh» masjidida 2022 yil 2 sentyabr kuni juma namozi paytida sodir etilgan hamda tinch aholi orasida ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan terrorchilik harakatini qat’iy qoralaymiz.
Bu kabi qabih harakatlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi barobarida, mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlik hamda milliy totuvlikning o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi.
Halok bo‘lganlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning sog‘ayib ketishini tilaymiz» — deyiladi vazirlik munosabatida.