Xalq ta’limi vazirligi: O‘quv darsliklarining ijara pullari yig‘ilmagan

2-sentyabr kuni e’lon qilingan umumta’lim maktablariga davlat tomonidan ta’minlab beriluvchi o‘quv darsliklarining narxlari e’lon qilingach, ikki baravarga keskin oshirilgan to‘lov miqdorlari ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan keng muhokamaga qo‘yilgan edi. Kimdir bilimning bahosida “arzon-qimmat” bo‘lmaydi, degan bo‘lsa, yana boshqa birov bu summalar ikki va undan ortiq farzandlari maktab ta’limini olayotgan ko‘plab o‘rta qatlam vakillari uchun og‘ir yuk bo‘lishini ta’kidladi.

Jamoatchilik diqqat-markazida turgan ushbu masalaga yechim esa, yana eng yuqori bo‘g‘inga yetmay turib hal bo‘lmadi: Vazirlar Mahkamasi hamda Xalq ta’limi vazirligiga davlat rahbarining o‘quv darsliklari hamda mashq daftarlari ijarasini bepul qilish yuzasidan topshiriq berildi va Prezident Administrasiyasi rahbari boshchiligida tanqidiy ruhda mazkur masalaga oid yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident Administrasiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzildi.

Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.

O‘quv darsliklari va mashq daftarlarining ijarasi uchun to‘lovlar bekor qilingani, bir tarafdan, fuqarolarga yengillik yaratgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, ayrim ijtimoiy tarmoq faollari o‘z sahifalarida “to‘lov qilib qo‘yganlar nima qiladi” qabilidagi savollarini ulashishgan.

Ushbu savollarga aniqlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamovaga bog‘landik.
Ma’lum qilinishicha, darsliklar ijara haqi joriy yilning 2-sentyabrida e’lon qilingan. Ma’lumki, Mustaqillik kuni bayrami munosabati bilan barcha byudjet tashkilot va idoralarida, jumladan, umumta’lim muassasalarida ham 5-sentyabrga qadar dam olish kun sifatida belgilangan edi.

— Shu asosga ko‘ra, hali hech qayerda ota-onalardan o‘quv darsliklari va mashq daftarlari uchun yig‘imlar amalga oshirilmagan, — deydi vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i norasmiy bayonoti yakunida.

Umid qilamiz-ki, prezident topshirig‘i bilan bepul ta’minlanishi yo‘lga qo‘yiluvchi darsliklar uchun ketadigan mablag‘lar biror sahovatpesha tomonidan moliyalashtiriladi. Aks holda, 6,2 mln.dan oshuvchi maktab o‘quvchilarining darsliklariga ketadigan sarf-xarajatlar yana xalq gardaniga yig‘im emas, soliq bo‘lib tushadi. Ahvol esa, ikki o‘n besh — bir o‘ttizligicha qolaveradi.