Kecha, 5 sentyabr kuni O‘zbekistondagi maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, 2022/2023 o‘quv yilida 702 000 nafar bola umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilingan.
Ularga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uning tizimidagi 10 085 ta maktabda yangi o‘quv yili boshlangan. O‘zbekiston maktablarida tahsil olayotgan jami o‘quvchilar soni esa 6 469 737 nafarni tashkil etmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2021/2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 1-sinflariga jami 587,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilingan edi. Bu raqamlar yangi o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilari soni 114 300 nafarga (+19 foiz) ko‘payganini ko‘rsatadi.