Tishlarni g‘ijirlatish tibbiyotda bruksizm deb ataladi. Tibbiyotda ushbu holatga nafaqat kasalliklar bilan, balki psixologik holatlar bilan ham bog‘liq deb qaraladi. Ba’zi insonlarning organizmlari stress holatlarini harakatlar orqali, ya’ni bruksizm tarzida namoyon qilishi mumkin.
Kuchli charchash, surunkali kam uxlash ham bruksizmni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari tishlarning noto‘g‘ri joylashuvi, antidepressantlar qabul qilish, zararli odatlar, gijjalar ham bruksizmni keltirib chiqaradi. Spirtli ichimliklar ham ushbu holatni kuchaytiradi.
Uyquda tishlarni g‘ijirlatish kuzatilganda birinchi navbatda tish shifokoriga murojaat qilish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolash lozim. Bundan tashqari uyqu rejimini tartibga solish, zararli odatlardan voz kechish va organizmda gijjalar borligini aniqlash lozim.