Aksariyat xastaliklarni dori-darmonsiz davolash mushkul. Ayniqsa, og‘riqlar zo‘rayganda kuchli preparatlarni qabul qilishga majburmiz. Ammo kimyoviy tarkibga ega bunday malhamlar bir tomondan dardimizni yengillatsa, boshqa tarafdan tanamizning sog‘lom a’zosiga ziyon yetkazishi tabiiy.
Bu holat tayvanlik olimlarning yangi tadqiqoti uchun asos bo‘ldi. Ular farmasevtik mahsulotlarning nojo‘ya ta’sirlarini bartaraf etish maqsadida izlanishlar olib bordi. Yakunda dori vositalarini organizmning zarur nuqtalariga yetkazib bera oladigan mitti robot yaratildi.
Innovasion qurilmaning uzunligi bir santimetrdan ham kichikroq. U nojo‘ya ta’sirga ega dori vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasallik o‘chog‘iga yetkazishga moslashtirilgan.
Yangi ixtiro magnit nanozarrachalaridan iborat. U qon tomirlari orqali harakatlanib, shaklini o‘zgartirishi, qolaversa, zarur pallada bo‘linib, yana bir butunga birlashishi mumkin.
Olimlar xulosasiga ko‘ra, mitti robotning xossalari davolash va tibbiy diagnostikada qo‘l keladi. Xususan, dori-darmonlarni organizmga maqsadli yetkazib berishda katta natija beradi.