100 desibelldan yuqori shovqin inson umrini qisqartiradi

Hozir dunyo bo‘yicha 12-35 yosh oralig‘idagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yo‘qotish xavfi ostida.

Bugungi globallashuv davrida shovqin-surondan xoli yashash juda qiyin. Transportlar harakati, mashinalar signallari, telefonlar jarangi, musiqa sadolari… Qolaversa, yoshlar orasida yuqori chastotalarda musiqa tinglash urfga aylangan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 12-35 yosh oralig‘idagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yo‘qotish xavfi ostida. Bunga aynan to‘yu tomoshalar, ko‘ngilochar tadbirlarda davomli ravishda baland ovozda musiqa eshitish sabab bo‘lmoqda.

— Uzoq muddat yuqori darajadagi tovush ta’siri ostida bo‘lish eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi, — deydi oliy toifali shifokor Shoira Abdusattorova. — Masalan, hozirgi zamonaviy musiqa ishqibozi bo‘lgan yoshlarning yigirma foizida eshitish qobiliyati sakson besh yoshli keksalar darajasiga tenglashib qolgan.

Baland tovush ko‘z ravshanligi va uning reflektiv faoliyatini pasaytirishi ham aniqlangan. Qolaversa, yuqori chastotali shovqin asab tizimining zo‘riqishiga olib keladi. Oqibatda ichki toliqish va noxush kayfiyat yuzaga keladi. Bora-bora yurak faoliyatida buzilishlar kuzatiladi. Bu yurak-qon tomir kasalliklari, gipertenziya va hatto miokard infarktini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli shovqin inson umrini qisqartiruvchi omil sifatida baholanadi.

Ma’lumki, shovqin «desibell» (dB) birligi yordamida o‘lchanadi. Odatda, 20-30 dB shovqin inson salomatligi uchun zararsiz. Biroq 80 dB va undan yuqori o‘lchov baland tovush hisoblanadi.

30 desibelldan ortiq shovqin esa sog‘ligimizni izdan chiqarishga qodir. 150 desibell chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq paydo qilsa, 180 dB darajadagi shovqin hatto metall buyumlarni ham mo‘rtlashtira oladi.

🔹Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtacha shovqinning maksimal darajasi 100 desibeldan oshmasligi kerak, deya tavsiya beradi.

Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur. To‘yu tantanalar, musiqa kechalari, konsertlarda esa quloqning qomatga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadga muvofiq, deb maslahat beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.