Direktor o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.R. 2 nafar fuqaroni go‘yoki “S.R.” MCHJ yordamida 9 600 AQSH dollari evaziga qo‘shni Tojikiston Respublikasidagi universitetning 1-kursini ta’momlaganligi haqida soxta hujjat tayyorlab berish orqali Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga 2-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, oldindan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jizzax jamoat salomatligi texnikumi direktori o‘rinbosari J.T., fuqaro Sh.ni ushbu texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshloq tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, 2-Marg‘ilon Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi yoshlar yetakchisi R.X. va talaba M.K. fuqaro I.ni tanishlari yordamida ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 450 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.