Uyg‘oning, «Temir yo‘llar»!

Avgust oyining 20-sanasida Toshkentga borishim zarur bo‘lib qoldi. Barvaqtroq chipta olib qo‘yish maqsadida Urganch vokzaliga bordim. Chiptaxona xizmatchisi 25 avgustgacha barcha chiptalar sotib bo‘linganini aytgach, xunobim oshib uyga qaytdim.


Oradan ikki kun o‘tmasdanoq poytaxtdan nufuzli idoralardan birida ishlovchi mutasaddi sim qoqib, 25 avgustga yetib borishimni tayinlab qoldi. Yana umid bilan Urganch vokzaliga otlandim. U yerda «Chipta yo‘q!» degan javobni olgach, uch yuz ming so‘mning bahridan o‘tib, shartta kirakashlar mashinasiga o‘tirgancha boshkentga otlandim. Bir safar cho‘ntagim o‘yilib tushmas, uyga qaytishimda chipta topilib qolsa kerak, deb o‘yladim. Ming afsuski, Toshkentdan Xorazmga qaytishda ham shu muammo. Temir yo‘l vokzali chiptaxonasida «9 sentyabrgacha chiptalar sotib bo‘lingan», degan javobni eshitdik.

1 sentyabr arafasida Toshkentga ikki marta borib-kelishga majbur bo‘ldim. Dastlabki safarimni yakunlab, endigina uyga kelib, bir piyola choy ichayotsam, yana poytaxtga chaqirib qolishdi. Hech qanday bahonaga o‘rin yo‘q, borishim zarur. Yana kirakashlarni izlashga tushdim…

Bu orada vokzal ma’muriyati bilan uchrashib muammoning tub sababi nimada ekanini surishtirishga harakat qildim. Talabalar o‘qish arafasi poytaxtga jo‘nashayotgani uchun chiptalar sotilib ketganini aytishib, muammoga izoh berdi mutasaddilardan biri.

– Qo‘shimcha vagon qo‘yish mumkin-ku, axir? – deyman savolomuz ohangda.

– Indinga qo‘shimcha vagon qo‘yiladi degan gap bor, – deydi mutasaddi…

Indiniga ham va undan keyin ham ushbu muammo kunning og‘riq nuqtasidek bo‘rtib turaverdi.

Kuni kecha bir do‘stimni kuzatib qo‘yish maqsadida yana Urganch vokzaliga doridim.

– 17 sentyabrgacha chiptalar sotib bo‘lingan, – deydi chiptaxona navbatchisi bo‘lgan mas’ul qiz.

Chiptaxonadan kayfiyatimiz tirriq bo‘lgan holda chiqarkanmiz, qarshimizdan bir uchar yigit chiqa solib dedi:

– Bilet bor, aka, arzon 280 ming so‘mga beraman.

Do‘stim xizmat safari bilan kelgani va chiptani ishxonasiga olib borib topshirishi lozimligini tushuntirgandek bo‘ldi. Uchar yigit esa birpasda ism-familiyalarini qayd etib berishini aytib, ishontirish uchun qasam ichdi.

Biz baribir unga ishonmadik. Chunki hamma joyda korrupsiyaga qarshi kurash avj olgan bir davrda chiptalarning qora bozorga qanday chiqqani shubha uyg‘otar edi. Do‘stimni uch yuz ming so‘m to‘lab yo‘lovchi yengil mashinada poytaxtga kuzatishga majbur bo‘ldik.

Yaqinda bir tanishim Xorazmdan qo‘ldan chipta sotib olib, Toshkentga poyezdda tinch-emin yetib olganini aytib qoldi. O‘ylab o‘yimga yetolmadim. Qo‘lda sotilgan chipta?..

Temir yo‘llari chiptalari onlayn tarzda sotilishiga ham e’tibor qaratgan edik. Hamma chiptalar sotib bo‘linganiga guvoh bo‘lib turgan bir paytimizda qo‘ldagi chiptalar qayerdan paydo bo‘lmoqda? Adoqsiz savollar!

Bu muammolardan dili zada bo‘lgan ayrim tanishlarimning ta’kidlashicha, temir yo‘llari chiptalari vokzal mas’ullari tomonidan qora bozorga chiqarilar ekan. Ism-familiyasiz chiptalarga birpasda pasport bo‘yicha qaydlar qay usulda yozib berilishi ham kishini shubhalar ostiga yetaklaydi.

Darhaqiqat, temir yo‘l vokzallarida uchrayotgan bunday muammolar faqatgina 1 sentyabr arafasida chumak otmaydi. Balki 1 yanvar, 22 mart sanalariga yaqin kunlar va undan so‘ng ham davom etaveradi. Bu muammoni hal qilish nahotki shunchalar mushkul bo‘lsa?! Reyslar yoki vagonlarni ko‘paytirish bilan aholi talabini qondirish nahotki shunchalik qiyin bo‘lsa?!

Yurtboshimiz davlat idolari va tashkilotlarini xalq manfaatlariga xizmat qilishga da’vat qilib kelmoqda. Taassufki, bu da’vat O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik kompaniyasi mutasaddilarini uyg‘otmaganga o‘xshaydi.

Erpo‘lat BAXT

P.S.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu masalada ham bir qator tanqidiy gaplar aytildi, temir yo‘l va avia qatnovlar soni va sifati talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi H.Hosilov 3 oyda o‘z tizimida o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.