Juda noyob turga mansub bo‘lgan va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan qumdagi nilufarlar gulladi. Ushbu nodir gulni uzgan yoki unga ziyon yetkazgan odamga 109 ming lira jarima jazosi qo‘llanadi. Har yili iyul va oktyabr oylarida Badavut hamda Patricha sohillarida gullaydigan ushbu nilufarlar bu yil ham atrofga o‘z go‘zalligini taratmoqda.
Bu nilufarlarning tabiatda kamyob o‘simlik turi hisoblanishini ta’kidlagan professor Fotih Sotil, “Tabiatda nodir bo‘lgan, qumliklarda o‘sadigan, oq gulli va xushbo‘y hidli navdir. Oqdengiz, Marmara, Ege va Qoradengiz sohillarida ushbu gullarni uchratish mumkin. Garchi shunday bo‘lsada ular nodir turlardan hisoblanadi” dedi.
Iyun va oktyabr oylarida gullaydigan ushbu nilufarlar boshqa joyda ko‘karmaydi. Ko‘rinishining go‘zalligi, hidining xushbo‘yligi bilan odamlarning e’tiborini tortadi. Bu gullar bog‘da yoki gultuvakda o‘smaydi. Bu nilufarlar odamlar tomonidan uzilishi bilan birga, sohillarda plyajlar ochilishi sababli yoki qumlarning olinishi tufayli ham ular o‘sadigan hududlar xavf ostida. Fursat borida tezroq ularni asrab qolish uchun harakat qilish zarur.
Gul navining jiddiy xavf ostida ekanligini aytib o‘tgan professor Salomiy Salviy “O‘lkadagi sohillarning ko‘pchiligi dam olish maskanlariga aylantirilmoqda, odamlar nilufarlarni uzib ketishyapti” deydi. Qum sohillarining oppoq go‘zalligi bo‘lgan ushbu gullar yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lganligi tufayli 2016 yil Xalqaro Tabiatni Muhofaza qilish tashkiloti tomonidan qo‘riqlana boshladi. Nargis oilasidan bo‘lgan bu gul Oqdengiz, Ege va qisman Qoradengizning qum sohillarida o‘sadi. Ushbu ajoyib va go‘zal nilufarlar xorijlik sayyohlarning ham e’tiborini tortadi.