Tovondagi suyak o‘simtasi qanday paydo bo‘ladi?

Ko‘pincha bu xastalik alomati to‘satdan boshlanadi. Kechqurun uyquga yotasiz-u, tunda tovoningizda simillagan og‘riq seziladi. Ertalab uyg‘ongach, vaziyat yanada jiddiylashgani ayon bo‘ladi. Kuchli og‘riqdan hatto oyoq bosishga qiynalasiz. Tovoningiz ichida nimadir qadalib, oromingiz yo‘qoladi. Kunduzi dard belgilari susayib, oqshom mahali yana bezovtalik kuchayadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha shunday muammoga duch kelgan 1 million nafardan ziyod kishiga tovon shporasi, ya’ni plantar fassiit tashxisi qo‘yiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan ushbu xastalik sabablari, diagnostika va davolash usullari haqida suhbatlashdik.

— Plantar fassiit — tovon yumshoq to‘qimasining yallig‘lanishi oqibatida hosil bo‘ladigan suyak o‘simtasidir, — deydi mutaxassis. — Kasallik sabablari turlicha. Masalan, sakrash, kuchli zarba, kun bo‘yi tik oyoqda yurish, yugurish va semizlik oqibatida tovon zo‘riqib, ichki jarohatlar yuzaga kelishi mumkin.

Yassioyoqlik ham xastalikning keng tarqalgan omili. Bunday vaziyatda gavda vazni oyoqlarga noto‘g‘ri taqsimlanishi tufayli tovonlar ortiqcha zo‘riqishdan yallig‘lanadi. Natijada ana shu jarohatlar o‘rnida suyak o‘simtalari shakllanib, harakatlanganda yumshoq to‘qimalarga qadaladi va bemor og‘riqdan aziyat chekadi.

Shuningdek, revmatoid va artrit kabi bo‘g‘im xastaliklaridan so‘ng tovon shporasi shakllanishi tibbiy amaliyotda kuzatilgan. Qattiq, baland yoki aksincha yupqa poshnali poyabzallar ham xastalik rivojlanishiga sabab bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, podagra kasalligi oqibatida organizmdagi tuzlarning tovonga haddan ziyod ko‘p cho‘kishi ba’zi hollarda bo‘g‘imlar va suyaklarga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Xastalik jarayonida og‘riqlar asta-sekin va tashqi jarohatlarsiz boshlanadi. Yurganda alomatlar yo‘qolib, hordiq olganda yana paydo bo‘ladi. Undan ko‘proq qirq yoshdan oshgan bemorlar aziyat chekishi aniqlangan.

Tovon shporasi tashxisi palpasiya usulida hamda rentgenografiya yordamida qo‘yilishi mumkin. Tegishli muolajalar buyurishda kasallik bosqichi va bemor holati hisobga olinadi.

Ular orasida yallig‘lanish va og‘riqlarga qarshi dori-darmon muolajasi, shishlarni bartaraf etish hamda xastalik o‘chog‘idagi qon tomirlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan magnit-rezonans terapiya keng ommalashgan.

Shuningdek, lazer, fonoforez, rentgen, zarbli-to‘lqinli muolaja usullari ham kasallikni davolashda katta samara beradi.

Agar yuqoridagi davolash choralari kutilgan natijani bermasa, xastalik jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etiladi.