2022 yilning dastlabki olti oyida xorijdan qancha mablag‘ jo‘natilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonga 2022 yilning dastlabki olti oyida chet el davlatlaridan qancha pul yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida xabar berildi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning birinchi yarmida xorij davlatlaridan O‘zbekistonga 6,63 milliard dollar pul kelib tushgan. Bu miqdor 2021 yilning mos davriga nisbatan ikki barobar ko‘p hisoblanadi.

Markaziy bankning to‘lov balansi ma’lumotlariga ko‘ra, tushumning asosiy qismi MDH davlatlaridan jo‘natilgan valyutalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Rossiyadan 5,31 milliard dollar yoki 2021 yilgi ko‘rsatkichlardan 2,3 barobar ko‘p mablag‘ kelib tushgan.

Qozog‘istondan yanvar-iyun oylari davomida 327 million dollar pul o‘tkazilgan. Uchinchi o‘rinda 33 million dollar bilan Qirg‘iziston qayd etilgan. Biroq O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tkazilgan pul miqdori qariyb ikki barobarga ko‘p — 64 million dollar.

MDHdan tashqaridagi davlatlar orasidan AQSHdan o‘tkazmalar eng yuqori — 237 million dollar. Shuningdek, bu davrda Janubiy Koreyadan — 138 million dollar, Turkiyadan — 104 million dollar (O‘zbekistondan Turkiyaga 247 million dollar o‘tkazilgan), Isroildan — 78 million dollar, Shveysariyadan — 70 million dollar, Shvesiyadan — 24 million dollar, Birlashgan Arab Amirliklaridan — 23 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilgan.