JSST dunyoda xolera vabosi keng tarqalishidan xavotirda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shu kunlarda insoniyat yana bir xafvli epidemiya bilan yuzlashishi ehtimolidan jiddiy tashvishda va bunga yetarlicha asoslar ham bor.

Tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, oxirgi bir yil ichida dunyoda xolera vabosiga chalinish holatlari keskin ko‘paygan. Birgina joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 27 mamlakatda ushbu kasallik epidemiyasi kuzatilib, ko‘plab bemorlar hayotdan ko‘z yumgan.

Masalan, Suriyada so‘nggi olti haftada 10 ming nafardan ortiq kishi mazkur xavfli infeksiyaga gumon qilingan.

Pokistonda esa 1500 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli suv toshqinlaridan ko‘p o‘tmay xolera vabosi avj oldi. Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, yaqin haftalarda yana ko‘plab odamlar xastalik qurboniga aylanishi mumkin.

“Xolera oqibatida bemorlar hatto bir necha soat ichida jon taslim qilishlari mumkin, — deydi JSST rahbari. — Shunga qaramay, zamonaviy tibbiyot maxsus muolajalar orqali xastalikni davolash imkoniyatiga ega. Kasallikka qarshi vaksinalar esa vabo profilaktikasida eng samarali chora.

Biroq dunyoning ba’zi mamlakatlari aholisi shundan ham bebahra. 2013 yilda hamkorlarimiz xoleraga qarshi vaksinalarning xalqaro zaxirasini yaratgandi. Ammo ular epidemiyaning oldini olish uchun yetarli emas. Shu bois, bu borada shoshilinch choralar ko‘rishimiz zarur”.

Mutasaddining fikricha, jahonda bu yil turli epidemiyalar oqibatida sodir bo‘layotgan o‘lim holatlari besh yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli uch baravar oshganidan barchamiz to‘g‘ri xulosa chiqarishiz zarur.

Eslatib o‘tamiz, xolera vabosi ingichka ichakning zararlanishi, intoksikasiya, umumiy ahvol og‘irlashuvi va organizm suvsizlanishi bilan kechadigan o‘ta xavfli o‘tkir infeksion kasallik hisoblanadi.