Baliq ayrim xastalik bilan og‘rigan kishilarga tavsiya etilmaydi

Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste’mol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm bo‘lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi.

Baliq go‘shti tarkibida juda ko‘p vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qo‘y go‘shtidan yuqori turadi. Baliq go‘shtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak bo‘ladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi.

O‘zida oqsil, vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruhni saqlagan bu jonzot go‘shtini ko‘p yeng, sababi baliq odamni semirtirmay, organizmga kerakli quvvatni bera oladi.

Eng muhimi, baliq mahsulotlari bir qancha kasalliklarga koni foyda hisoblanadi: yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi, ko‘rish qobiliyatini, uyquni yaxshilaydi, revmotoid artiritni yengillashtiradi, xolesterin darajasini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi, nevrologik kasalliklarda foydasi bor, erkaklarda jinsiy quvvatni oshiradi, jigar uchun foydali hisoblanadi.

Ammo, ushbu mahsulot, xoh u bo‘g‘da, xoh u yog‘da qovurib pishirilmasin, allergik xastaliklar, qonda kalsiy darajasi yuqori bo‘lgan odamlarga, buyragi tez-tez og‘riydigan bemorlarga, o‘pka silida baliq unchalik tavsiya etilmaydi.