“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofotini berish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan (594-son, 14.10.2022 y.) “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizom bilan mamlakatimiz madaniyati va san’atini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qo‘shgan iste’dodli ijodkorlarni “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi belgilandi.

Mukofot bilan taqdirlash har yili an’anaviy tarzda bir marta ijodkorlar o‘rtasida quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:

▫️Milliy mukofot nominasiyalari (jami 20 ta nominasiya) har yili 10 yanvardan 10 fevralgacha tanlab olinadi;
▫️tanlab olingan nominasiyalar har yili 1 martgacha e’lon qilinadi;
▫️mukofotlash uchun nomzodlar har yili 1 noyabrgacha Madaniyat vazirligi (ishchi organ)ga taqdim etiladi;
▫️ishchi organ har yili 1-10 noyabr kunlari nomzodlarga oid hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
▫️komissiya har yili 10-15 noyabr kunlari hujjatlarni ko‘rib chiqib, eng yaxshi 3 nafar nomzodlarni (har bir nominasiya bo‘yicha) saralaydi;
▫️eng yaxshi 3 nafar nomzodlar ro‘yxati har yili 15 dekabrdan kelgusi yilning 10 yanvar kuniga qadar ijtimoiy tarmoqlarga keng jamoatchilik ovoz berishi uchun joylashtiriladi;
▫️joriy yil g‘oliblarining taqdirlanishi kelgusi yil 25 yanvar kuni tashkil etiladi.

Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar BHMning 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi va ularga Mukofot maxsus statuetkasi hamda sertifikati topshiriladi.