Davlatimiz rahbariga ToshkentboshplanLiti DUK tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahrining transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi.
Strategiyaga koʻra, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qoʻyiladi. Aholi oʻz mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi boʻlgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol koʻrishi mumkin boʻladi.
Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat boʻlishi talab etiladi.
Shuningdek, Park and ride tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bogʻlanadi.
Bundan tashqari, binolarga ijtimoiy talablar belgilanadi. Masalan, shahar ichida koʻp qavatli inshoot qurilgudek boʻlsa, uning turiga qarab, maktab, bogʻcha, maishiy xizmat, avtoturargoh oʻrni, koʻkalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qoʻyiladi.
Oʻz navbatida, Katta halqa yoʻli atrofida «yashil kamar» yaratish, shahardan oʻtgan kanallar boʻyida tematik bogʻlar tashkil etish koʻzda tutilgan. Umuman, Toshkent shahrida amaldagi 7 ming gektar yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.