Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, dunyoda sil kasalligining dorilarga chidamli turi ko‘payishi kuzatilmoqda.
Xususan, o‘tgan yili Yer yuzida 10,6 million nafarga yaqin kishi ushbu xastalikka chalingan. Bu 2020-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 4,5 foizga ko‘pdir. Eng yomoni, tuberkulyoz oqibatida 1,6 million nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan.
Xalqaro ekspertlar fikricha, o‘sish tendensiyasi pandemiya oqibatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni SOVID-19 avj olgan davrda aksariyat mamlakatlarda sil kasalligini aniqlash va davolashga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari koronavirus muolajasi bilan band bo‘ldi.
Oqibatda ko‘p yillardan beri kuzatilmagan holat — tuberkulyozni yuqtirganlar soni oshishi qayd etildi. Jumladan, 2021-yilda sil xastaligining rifampisin preparatiga chidamli turi 450 ming nafar bemorda aniqlandi. Bu ham 3 foizlik o‘sish ko‘rsatkichidir.