Farg‘onada Prezident bilan aktyor «usta»lar uchrashdimi?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘lib turgan vaqtida davlat rahbari bilan soxta “usta»lar uchrashtirilgani, barcha holat oldindan rejalashtirilgani aytilmoqda. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda viloyatning faol jurnalistlaridan tortib, tabiiylik yo‘qolganini sezgan har bir kishi yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, bu holat Prezident Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasiga tarifi chog‘ida yuz bergan. Prezidentning orqa tomonida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “mo‘min”gina bo‘lib turgan “usta” aslida Farg‘ona viloyati Furqat tumani hokimi Jahongir Sabitaliyevichning haydovchisi.

Ushbu xabardan so‘ng esa yana bir yangilik oydinlashdi. Bu haqda Farg‘ona viloyatidan faol bloger Olimjon Haydarov ma’lum qildi.

“Biroz avval Prezidentni Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Furqat tumanidagi oilaviy korxonaga borgani, u yerda «usta» deb ko‘rsatilganlarni biri aslida tuman hokimining haydovchisi ekanligi haqida yozgandik.

Hozir kuzatuvchilardan xabar keldi.

Bu korxonadagi «usta»lardan yana biri aslida bu kasbga aloqasi yo‘qligini aytib qolishdi.

Bu suratdagi «usta» aslida usta Muhammadali Yunusovning mahallasidan bo‘lib, u mahalliy 21-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi(taxminan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari ham bo‘lishi mumkin), gapga usta bo‘lgani uchun «usta» obraziga kirgan.

Meni hayron qoldirgani qaysi yurak, qaysi jasorat bilan Prezidentni aldashmoqda bular», deya yozgan u.

Ushbu holat yuzasidan Farg‘ona viloyat hokimligidan rasmiy izoh kutib qolamiz.