Ijtimoiy tarmoqlarda, Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrif doirasida Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lganida olingan suratda davlat rahbarining orqasida o‘ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan material e’lon qilindi. Ortidan esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o‘rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo‘ldi. Furqat tumani hokimligi Axborot xizmati ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Haqiqatdan ham, rasmda ko‘zga tashlangan shaxs Furqat tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov bo‘lib, u O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biridir. Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tumani hokimligida haydovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. Avvaldan o‘zida o‘ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog‘och o‘ymakorligi san’ati o‘rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o‘rgana boshlagan. Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o‘rganuvchilari ham bo‘lishganini e’tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u yerda bo‘lishi tabiiy holatdir. Aytib o‘tish kerakki, Muhammadali Yunusovning korxonasida o‘ymakorlik o‘rganayotgan shogirdlarning ko‘plari boshqa kasb hamda ish egalari.
Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o‘qituvchi bo‘lgan, o‘quvchilarga duradgorlik va o‘ymakorlik bo‘yicha saboq bergan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 0,75 stavkada direktor o‘rinbosar bo‘lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi, “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi, 10 nafar shogird biriktirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlarni tarqatishdan avval masalaga oydinlik kiritish uchun hokimlik axborot xizmatiga murojaat qilishni so‘rab qolamiz, deyiladi xabarda.