Sirdaryoda biznes ombudsman tomonidan 38 ta mansabdorga ma’muriy javobgarlik belgilandi

Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan vakil (Biznes-ombudsman) devoni Sirdaryo viloyatidagi xodimlari tomonidan jami 50 ta, shu jumladan sudlarga 8 ta da’vo arizalari, davlat organlariga 2 ta taqdimnoma va 2 ta xulosa hamda 38 ta mansadbor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish ko‘rinishida ta’sir choralari qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni Sirdaryo viloyatidagi xodimlari tomonidan mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik sub’yektlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammolari hal etilishi choralari ko‘rilmoqda.

May oyi davomida Biznes-ombudsman devoni xodimlari tashabbusi bilan viloyatning 7 ta hududida uchrashuv va sayyor qabullar tashkil etilib, unda 200 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlaridan 121 ta murojaatlar hamda takliflar kelib tushgan.

Murojaatlarning salmoqli qismi yer va bino ajratish, kreditlash, soliqqa doir munosabatlar va tekshiruvlar qonuniyligi, infratuzilmani yaxshilash hamda yetkazilgan zarar bo‘yicha tovon pulini undirish bilan bog‘liq bo‘lib, 21 ta masala ijobiy hal qilingan bo‘lsa, qolganlarining ijrosi nazoratga olingan.

Yil boshidan buyon Biznes-ombudsmanning viloyatdagi xodimlariga kelib tushgan 220 ta murojaatlarning 112 tasi to‘liq qanoatlantirilgan, 90 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda 28 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

N.Namozov,
Biznes-ombudsman devoni Sirdaryo viloyati bo‘yicha bosh inspektori