Joriy yilning 1-choragida Vazirlik tizimidagi 73 ta muassasada profilaktika tadbirlar o‘tkazildi. Natijada jami 11,4 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlandi. 10,1 mlrd. so‘mlik maqsadsiz va ortiqcha xarajatlarning oldi olindi, 1,6 mlrd. so‘mlik qismi profilaktik tadbirlar jarayonida undirilib tiklandi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ichki audit xizmati boshlig‘i Salohiddin Toshmatov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, muassasalarda o‘tkazilgan inventarizasiya jarayonida balansda aks ettirilmagan 8,7 mlrd. so‘mlik moddiy boyliklarni tashkilot balansiga kirimga olinishi ta’minlandi. 912,2 mln so‘mlik ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa turdagi hisob-kitoblar keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratildi.
Bundan tashqari, profilaktika tadbirlarini o‘tkazish jarayonida 3 ta tashkilotda aniqlangan 259,0 mln. so‘mlik xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborildi.
Moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan tashkilotlardagi rahbar va mas’ul xodimlarning 4 nafari lavozimidan ozod etildi. 31 nafariga nisbatan intizomiy va 1 nafariga nisbatan esa jarima jazo turlari qo‘llanildi.