YPX xodimini videoga olib, internetda tarqatish haqidagi qaror bekor bo‘ldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bitta qonun loyihasi kun tartibidan chiqarib tashlandi. Bu haqda O‘zbekiston XDP Axborot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo‘l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish BHMning ellik baravari miqdorda jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Mamlakatdagi katta ijtimoiy-siyosiy islohotlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda huquq-tartibot xodimlarining faoliyati foto va video tasvirlarga olinishi cheklanishi noto‘g‘ri yondashuv ekani aytildi.

Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko‘rib chiqish rad etildi.