Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan «Maymun chechagi kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan epidemiologik chora-tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha bugungi kunda davlat chegaralarini kesishish joylarida 54 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi Xalqaro aeroportlarida, 6 tasi temir yo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga chegaradan kirib kelayotgan yo‘lovchilarni tibbiy-sanitariya ko‘rigini yaxshilash maqsadida barcha Xalqaro aeroportlar va avtomagistral yo‘llarda joylashgan yo‘lovchi o‘tish oqimi yuqori bo‘lgan sanitariya-karantin punktlari zamonaviy teplovizorlar va kontaktsiz termometr (pirometr)lar bilan yetarlicha ta’minlangan.
Respublika chegara-bojxona postlarida sanitariya-karantin punktlarining ish faoliyati kuchaytirildi. Postlarda sanitariya-karantin punktlari xodimlari va boshqa chegara-bojxona postlari xodimlari hushyorligi oshirib borilmoqda.
Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistonda maymun chechagi kasalligiga chalinish holati aniqlangani yo‘q.
Maymun chechagi virusining tabiiy rezervuarlari va manbalari kemiruvchilar hamda maymunlar hisoblanadi. Maymun chechagi odamga asosan muloqot yoki transmissiv yo‘llar bilan (qon, tishlanish, chechak toshmasi suyuqligi, chechak pufagi orqali) yuqishi mumkin.
Kasallik 99 foiz holatda yengil kechadi. Kasallik chalinganlarning barchasini stasionar sharoitda davolashga ehtiyoj yo‘q.