Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 30 maydagi qarori bilan «Toshkent-2» xalqaro terminali va ichki qatnovlar uchun mo‘ljallangan «Toshkent-3» terminalining avtoturargohlari, shuningdek, poytaxt aeroporti hududiga tutash joylardagi avtoturargohlar Uzbekistan Airports balansiga o‘tkaziladi.
Mazkur hududlarni kompaniya ixtiyoriga o‘tkazish davlati rahbarining 2021 yil 30 apreldagi «Fuqarolik aviasiyasi korxonalarini transformasiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan edi.
Ortiqxo‘jayevning qarori bu boradagi ilk qadam bo‘ldi. Keyinchalik, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan avtoturargohlarni baholash va aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushini oshirish bo‘yicha tegishli buyruq qabul qilinadi. Shundan so‘ng tegishli tartibda yagona aksiyador — Moliya vazirligi tomonidan davlat kompaniyaning ulushini oshirish va avtoturargohlar qiymatini ustav kapitaliga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Va nihoyat, barcha amalga oshirilgan ishlar yakuni bo‘yicha kadastr hujjatlarini Kadastr agentligi tomonidan «Munisipal mulklarni boshqarish markazi» DUKdan Uzbekistan Airports AJ nomiga qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi.