Andijon viloyatining Asaka tumanida ausion orqali sotib olingan pilla qabul qilish punktini sotishga uringan pillachilik klasteri rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Asaka tumani “Qo‘ng‘irot” MFY hududida 1,15 ga maydonda joylashgan Qo‘ng‘irot pilla qabul qilish punktining bino va inshootlari “E-Auksion” elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilgan. Ausion natijalariga ko‘ra, “Asaka ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilgan hamda davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi bilan “Asaka ipagi” MCHJ o‘rtasida 2022-yil 11-may kuni 01-19/2022 sonli oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.
Shartnomaning 5.4 bandiga muvofiq obektdan samarasiz foydalanish, qismlarga bo‘lib sotish, boshqacha tarzda begonalashtirish, shartnoma shartlari bo‘yicha olingan majburiyatlar to‘liq bajarib bo‘lgunga qadar kreditning garov ta’minoti sifatida foydalanish, buzib yuborish va boshqa tarzda shikast yetkazish qat’iy taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu bino va inshootlar ausionga qo‘yilishida g‘olib chiquvchi yuridik yoki jismoniy shaxs obektdan samarali foydalanishi, investisiya kiritishi, ish o‘rinlarini yaratishi, belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarib borishi maqsadlari qo‘yilgan.
“Biroq 2021-yildan buyon Oltinko‘l hamda Asaka tumanlarida pillachilik sohasida klaster bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan «Asaka ipagi» MCHJ rahbari yuqoridagi shartlarga amal qilmasdan bino va inshootlarni boshqa bir shaxsga 180 ming dollarga sotib yuborgan”, — deyiladi xabarda.
“Asaka pilla” MCHJ rahbari ushbu hududni kelishilgan pulning ma’lum qismini olish jarayonida tegishli huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.