Shu yilning 4 iyun kuni O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning yordamchisi Georgiy Kraynov vafot etdi. Bu haqda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmua xabar berdi.
Georgiy Kraynov 1933 yilning 21 noyabrida Andijon shahrida tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan.
U mehnat faoliyatini «Andijon haqiqati» gazetasida boshlagan. Korrektor, muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
1976 yilda Kraynov O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi gazeta va jurnallar sektori mudiri lavozimida ish boshlagan. Oradan bir yil o‘tib, O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasi birinchi kotibining yordamchisi etib tayinlangan. Sharof Rashidov bilan uzoq yillar birga ishlagan.
Georgiy Kraynov O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan mas’uliyatli lavozimlarni – O‘zbekiston prezidentining yordamchisi, O‘zbekiston prezidenti qabulxonasi bosh maslahatchisi lavozimlarini egalladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston prezidenti devonining umumiy bo‘limi protokol sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan.
2018 yildan to umrining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston prezidenti huzuridagi O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati» ordeni, «Sodiq xizmatlari uchun» medallari bilan taqdirlangan.