Asosiy stavkani 16 foiz etib belgilangani kreditlarga, depozitlarga qanchalik ta’sir qiladi?

Markaziy banki boshqaruvi oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xo‘sh, bu kreditlarga, depozitlarga qanchalik ta’sir qiladi? Biz ushbu savol bilan Markaziy Bank axborot xizmatiga yuzlandik.

Ma’lum qilinishicha, asosiy stavkaning joriy pasaytirilishi inflyasion xatarlarni jilovlashga yo‘naltirilgan “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qo‘shilgan qo‘shimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.

“So‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 2022 yil mart oyining birinchi yarmida o‘zining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qardsizlangan bo‘lsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlandi. Natijada, so‘mning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foiz doirasida shakllandi.

Oltin valyuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” bo‘yicha Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga aprel-may oylarida, so‘m almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishini oldini olish maksadida bozordan 523 mln dollarlik valyuta mablag‘lari sotib olindi.

Yuzaga kelayotgan inflyasion jarayonlar ko‘proq taklif omillari bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy ta’sirini o‘zida ifoda etadi.

Kutilayotgan tarif erkinlashtirishlarni inobatga olib joriy yil yakunlari bo‘yicha inflyasiya prognozi 12-14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Valyuta kursining barqarorligi, o‘z navbatida, narxlarga nisbatan “import inflyasiyasi” ta’sirini yumshatuvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Markaziy bankning o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlari ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilanadi, deyiladi Markaziy Bank xabarida.

Shuningdek, Moliya vazirligi resurslari hisobidan ajratilayotgan imtiyozli ta’lim va ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari kamaytirilmaydi. Asosiy stavkaga mutanosib ravishda foiz stavkasini kamaytirish mexanizmi Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foizdan pasayganda qo‘llaniladi.