«Paxtakor» stadionida O‘zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o‘yini vaqtida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturi jurnalistlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilinib, operator T.Ibrohimovga nisbatan tan jarohatlari yetkazilganligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Unda operatorga IIB xodimlari jarohat yetkazgani aytilgan. Hodisa jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosovga ko‘ra, joriy yilning 11 iyun kuni «Paxtakor» stadionida O‘zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o‘yini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21.00dan keyin, stadionda bo‘sh joylar qolmaganligi sababli, fuqarolarni stadionga kirishi to‘xtatilgan.
Shu vaqtda, Alisher Navoiy ko‘chasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan.
Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir nechta fuqarolar tuman IIBga olib borilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolar orasida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturining vakillari ham bo‘lgan hamda odamlar o‘rtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.Ibroximovga tan jarohatlari yetkazilib, texnik ashyolari zarar ko‘rgan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilib kasalxonaga yetkazilgan.
Shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olganligi bo‘yicha ma’lumotlar kelib tushmagan.
Hozirda, holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, deyiladi IIV matbuot kotibi xabarida.